Slide background
19
18
16
Slide background
13
Slide background
11
15

Odob-axloq qoidalari

UMUMIY O’RTA TA’LIM MAKTAB O’QITUVChI
VA O’QUVChILARINING ODOB – AXLOQ QOIDALARI

 

Umumiy qoidalar

 

1. «Umumiy o’rta ta’lim maktab o’qituvchilari va o’quvchilarining odob-axloq qoidalari» (matnda keyingi o’rinlarda «Odob-axloq qoidalari» deb yuritiladi) O’zbekiston Respublikasining Konstitusiyasi, «Ta’lim to’g’risida»gi, «Kadrlar tayyorlash milliy dasturi to’g’risida»gi, «Yoshlarga oid davlat siyosatining asoslari to’g’risida»gi, «Bola huquqlari kafolatlari to’g’risida»gi, «Voyaga yetmaganlar o’rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklarning profilaktikasi to’g’risida»gi, «Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari to’g’risida»gi qonunlari, Vazirlar Mahkamasining 2012 yil 21 maydagi 139-son «O’zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalarida mobil telefonlardan foydalanishni tartibga solish chora-tadbirlari to’g’risida»gi qarori hamda umume’tirof etilgan ma’naviy-axloqiy tamoyillar asosida ishlab chiqilgan.

Mazkur «Odob-axloq qoidalari» O’zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tizimidagi umumiy o’rta ta’lim muassasalariga tadbiq etiladi.

2. Mazkur «Odob-axloq qoidalari» ta’lim muassasalari jamoa a’zolari (ma’muriyati, o’qituvchilari, texnik xodimlari va o’quvchilari)ning ta’lim muassasasidagi o’zaro munosabatlarida rioya etishlari shart bo’lgan odob-axloq tamoyillari, xulq-atvor me’yorlari va majburiyatlarini belgilab beradi.

3. Mazkur «Odob-axloq qoidalari»ga rioya qilish ta’lim muassasasi jamoa a’zolarining barchasi uchun majburiy hisoblanadi.

Maqsad va vazifalar

4. Mazkur «Odob-axloq qoidalari»ning maqsadi umumiy o’rta ta’lim maktablarida sog’lom ijtimoiy-psixologik muhitni shakllantirish, yosh avlodga zamon talablari va milliy qadriyatlar asosida ta’lim-tarbiya berish, ta’lim muassasalarida o’quv-tarbiya jarayonining sifati va ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirishga sharoit yaratishdan iboratdir.

5. Mazkur «Odob-axloq qoidalari»ning asosiy vazifalari:

umumiy o’rta ta’lim maktablari jamoasi a’zolarining ma’naviy immunitetini shakllantirish va  mustahkamlash;

o’quvchilar orasida odob-axloqni buzishni, zo’ravonlik, hayosizlik va shafqatsizlikni tashviq qilishga qaratilgan har qanday xatti-harakatlarning oldini olishga, yoshlarni ichkilikbozlik va giyohvandlik illatlaridan va boshqa turli halokatli tahdidlar hamda biz uchun yot bo’lgan diniy va ekstremistik ta’sirlardan, past saviyali «ommaviy madaniyat» xurujlaridan himoya qilishga ko’maklashishdan iborat.

O’quvchilarning odob-axloqqa oid majburiyatlari:

 

a) Ta’lim muassasasi hududida:

maktabga mashg’ulotlar boshlanishidan 10-15 daqiqa oldin, ta’lim muassasasi Ustavida belgilangan o’quvchilar libosi (formasi)da kelish;

toza va orasta kiyinish, saranjom-sarishta yurish, sochlarni ozoda va tartibga keltirilgan holda tutish (o’g’il bolalar sochlarining uzunligi me’yor (2-3 sm)dan oshmasligi, qiz bolalarning ixcham zirakdan tashqari boshqa taqinchoqlarni taqmasligi lozim);

chiqindilarni faqat maxsus belgilangan idishlarga tashlash;

ustozlar va maktab mehmonlari bilan uchrashganda salom berish;

o’quv mashg’ulotlari vaqtida hududda sababsiz yurmaslik;

ta’lim muassasasi mulki (parta, stol, stul, doska, o’simliklar, hayvonot dunyosi va hokazolar)ga ehtiyotkorona munosabatda bo’lish;

maktab yo’laklarida tinchlikni saqlash, baland ovozda gaplashmaslik;

maktabga o’quv-qurollari, dars jadvalida belgilangan darsliklar va daftarlar bilan kelish (o’quvchilar uchun mo’ljallangan papka tutishi, kundalik daftarining bo’lishi, ma’naviyatga zid rasmlar tushirilgan yozuv daftarlaridan foydalanmasligi);

narkotik va psixotrop moddalar, alkogol va tamaki mahsulotlarining iste’mol qilinishi hamda tarqatilishiga yo’l qo’ymaslik.

 

b)  Dars vaqti (sinf xonalari)da:

dars jarayoniga xalal beradigan harakatlar qilishdan saqlanish;

uyali aloqa vositalarini o’chirib qo’yish;

dars vaqtida o’rinsiz gaplashmaslik;

jihozlarni asrab-avaylash, partalarga, stol va stullarga chizmaslik;

qog’oz va boshqa keraksiz narsalarni qoldirib ketmaslik;

ovqatlanmaslik, saqich chaynamaslik.

 

v) Tanaffusda:

tanaffusdan unumli foydalanish;

o’z o’qish joyini toza saqlash va tartibga keltirish;

navbatdagi dars bo’ladigan xonaga o’z vaqtida o’tish;

fan o’qituvchisining ko’rsatmasi bo’yicha sinfni kelgusi darsga tayyorlash;

katta tanaffus vaqtida navbatchi o’quvchilar tomonidan sinf xonasining tozaligini ta’minlash.

 

g) Maktab oshxonasida:

ovqatlanishdan oldin va keyin qo’llarini yuvish;

umumiy ovqatlanish joylarida belgilangan tartib-qoidalarga rioya qilish;

taomlarni olishda «navbatga turish» tartibiga rioya qilish;

tirbandlik holatida ustozlar, yosh bolalar va qizlarga hurmat ko’rsatish;

ovqatlanish vaqtida shovqin solmaslik;

issiq va suyuq ovqatlarni olishda va iste’mol qilishda ehtiyotkorlik ko’rsatish;

oshxonadan olingan ovqat va ichimliklarni oshxonaning o’zida iste’mol qilish;

ovqatlangandan so’ng idishlarni yig’ishtirib qo’yish.

 

d)  Maktab kutubxonasi va axborot resurs markazi (ARM)da:

kutubxona va ARM xodimlari bilan xushmuomalada bo’lish;

kitoblar va jihozlarga ehtiyotkorona munosabatda bo’lish;

baland ovozda so’zlashmaslik va boshqa kitobxonlarga xalaqit bermaslik;

qog’oz va boshqa chiqindilarni qoldirib ketmaslik;

kitoblarni olish va topshirish tartib-qoidalariga rioya qilish.

 

ye) Sport majmualarida:

sport majmuasiga xos bo’lgan kiyim va poyabzallarda kirish;

sport inventarlaridan oqilona va samarali foydalanish;

mashg’ulotlardan keyin sport inventarlarini belgilangan joylarga qayta topshirish;

sport majmuasining belgilangan tartib-qoidalariga to’liq rioya qilish.

Bundan tashqari, o’quvchilarga quyidagilar tavsiya etiladi:

o’zining namunaviy xulqi va bilimi bilan atrofdagilarda o’quvchilik odobi haqida ijobiy taassurot hosil qilishga intilish;

ko’cha-ko’yda bemaqsad yurmaslik, kattalarga hurmatda, kichiklarga izzatda bo’lish, jamoat transportlarida keksa, nogiron va yosh bolali yo’lovchilarga joy berish;

doimo komillikka intilish, halollik va adolat bilan hayot kechirish kabi olijanob fazilatlarni chuqur anglash;

o’z maktabi manfaati, uning sha’ni va nufuzi  to’g’risida qayg’urish, ularni saqlashda jonkuyarlik qilish va ularga hurmat bilan munosabatda bo’lish.

 

Quyidagilar o’quvchilarga man etiladi:

mashg’ulotlar yakunlangunga qadar maktab hududidan o’qituvchilar ruxsatisiz tashqariga chiqish;

o’qituvchilarga va boshqa o’quvchilarga nisbatan hurmatsizlik qilish;

o’qituvchilarni chalg’itish bilan bog’liq har qanday xatti-harakatlarni amalga oshirish;

yozma ishlar va oraliq nazoratlarni bajarish vaqtida chetdan yordam so’rash, o’zgalarga yordam ko’rsatish;

boshqa o’quvchilar tomonidan tayyorlangan topshiriqlar yoki yozma ishlarni o’z nomidan topshirish;

mashg’ulotlarga kechikib kelish yoki qatnashmaslik;

moddiy jihatdan yaxshi ta’minlanganligini turli yo’llar bilan namoyish qilish.

 

Rag’batlantirish va chora ko’rish tartibi

 

 O’quv yili davomida mazkur «Odob-axloq qoidalari»ga to’liq rioya qilgan, ta’lim muassasasida yuksak ma’naviy-axloqiy muhitning qaror topishiga va yanada mustahkamlanishiga xizmat qilgan jamoa a’zolari quyidagicha moddiy va ma’naviy jihatdan rag’batlantirilib boriladi:

o’qituvchilarga maktab buyrug’i bilan tashakkurnoma e’lon qilish, ularni tarmoq va davlat mukofotlariga tavsiya qilish;

«Faxriy yorliq» bilan taqdirlash;

qimmatbaho va esdalik sovg’alar bilan mukofotlash;

maktab radiouzeli orqali e’lon qilish;

«Eng faol o’quvchi» nominasiyasini berish;

o’quvchilar ota-onasining ish joyiga yoki mahalla fuqarolar yig’iniga tashakkurnoma xati yuborish.

 

Jamoa a’zolari mazkur «Odob-axloq qoidalari»ni buzganida ularga nisbatan quyidagi intizomiy jazo choralari qo’llaniladi:

o’qituvchilarga maktab buyrug’i bilan «Hayfsan» e’lon qilish;

o’quvchining kundaligiga tanbeh yozish;

boshqa sinfga o’tkazish;

sinf jamoasi orasida muhokama qilish.

Mazkur «Odob-axloq qoidalari»ga rioya etilmaganlik holatlari ta’lim muassasasidagi «Kamolot» YoIH, Xotin-qizlar qo’mitasi boshlang’ich tashkilotlari va «Ota-onalar» kengashlarida ham muhokama qilinishi mumkin.

Yakuniy qoidalar

  • Mazkur «Odob-axloq qoidalari» har bir o’quvchiga va ularning ota-onalari (yoki ularning o’rnini bosuvchi shaxslar)ga hamda o’qituvchilarga imzo qo’ydirilgan holda yetkaziladi.
  • Mazkur «Odob-axloq qoidalari» maktabning foyesiga barchaga ko’rinarli tarzda joylashtirib qo’yiladi.
  • Mazkur «Odob-axloq qoidalari»ning talablarini har bir o’qituvchi va o’quvchilar to’liq bilishi va unga qat’iy amal qilishi shart.