_DSC3640

“Mehribonlik” oromgohi chorlaydi

Xalq ta’limi vazirligi tasarrufidagi “Mehribonlik” sog‘lomlashtirish oromgohining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Xalq ta’limi vazirligi rahbariyati, “Sen yolg‘iz emassan” Respublika jamoatchilik bolalar jamg‘armasi vakillari ishtirok etdi.

 

Mazkur oromgoh Toshkent viloyati Bo’stonliq tumani Qizil-suv qishlog‘ida joylashgan bo‘lib, joriy yilgi yoz davomida 4 mavsumda jami 1040 nafar tarbiyalanuvchilarning dam oldirilishi rejalashtirilgan.

Mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilarining ta’lim-tarbiya olishlari zarur shart-sharoit yaratish, ularning yozgi ta’til kunlarini mazmunli va maroqli tashkil etish bo‘yicha ham Xalq ta’limi vazirligi tomonidan aniq chora-tadbirlar asosida qator ishlar amalga oshirildi.

 

“Mehribonlik” sog‘lomlashtirish oromgohi mavsumga shay holga keltirilgan, jumladan, oromgohdagi 277 o‘rinli yotoqxona, 200 o‘rinli oshxona, ma’naviyat va ma’rifat xonasi, tibbiyot xonasi, sport maydonchalari (katta futbol, katta tennis, kichik futbol, gandbol, basketbol, voleybol, badminton, kichik tennis uchun mo’ljallangan maxsus maydonlar), 360 m3 suv sig’imiga ega bo‘lgan cho‘milish havzasi, 10 ta bolalar suhbat ayvonchasi, 300 o‘rinlik yozgi kino-konsert amfiteatri, 7 ta to‘garak xonalari, kompyuter sinflari bolalarga xizmat qilmoqda.

 

 

 

Mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilarining qanday turdagi kitobga bo‘lgan qiziqishlari aniqlanib, Respublika bolalar kutubxonasi hamda Respublika ilmiy-pedagogik kutubhonasi fondidan 5000 dan ortiq kitoblar hamda bolalarning sevimli gazeta va jurnallari oromgohga keltirildi.

Mavsum davomida bolalarning qiziqishlari bo‘yicha badiiy, texnik ijodiyot, o’lkashunoslik va ekologiya yo‘nalishidagi 6 ta hamda ingliz tili va kompyuter savodxonligi to‘garaklari, jami 8 ta yo’nalishdagi to‘garaklar faoliyat ko‘rsatmoqda. Mazkur to‘garaklarning samarali va mazmunli faoliyat ko‘rsatishi uchun “Barkamol avlod” Respublika markazlaridan zarur jihozlar hamda malakali mutaxassislar jalb qilingan.