_DSC3961

Eng yaxshi insho mualliflari taqdirlandi

Kinochilar uyida Toshkent viloyati pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti tomonidan tadbir tashkil etildi. Unda poytaxt viloyati pedagoglari o‘rtasida o‘tkazilgan “Mustaqillik yillarida ta’limda erishilgan yutuqlar” mavzusidagi insholar ko’rik-tanlovi g‘olib va sovrindorlari taqdirlandi.

So’zga chiqqanlar tanlov jarayoni haqida gapirar ekan, tashkil etilgan mazkur ijodiy bellashuv o’qituvchilarning vatanparvarlik tuyg’usini yanada mustahkamlab, ularning mustaqillik yillarida amalga oshirilgan keng ko’lamli islohotlar haqidagi bilimini boyitish, o‘zaro fikr-mulohaza va tajriba almashish imkonini berganini alohida ta’kidladi.

— Prezidentimiz “Yuksak ma’naviyat – engilmas kuch” asarida “O‘z kelajagini bilmaydigan, kechagi kunini unutgan millatning kelajagi yo‘q”, deya ta’kidlagan. Davlatimiz rahbarining bu kabi fikrlari doimo qulog’im tagida jaranglab turadi. Insho yozish jarayonida o‘zim faoliyat yuritayotgan Piskent tumanidagi 29-umumta’lim maktabida amalga oshirilgan ishlar, o‘zgarishlar, o‘qituvchi va o‘quvchilarimiz erishayotgan muvaffaqiyatlarga alohida e’tibor qaratdim. Ijodiy ishimni g‘oliblikka munosib ko‘rishganidan juda hursandman. Bunday e’tirof yosh avlod ta’lim-tarbiyasida menga yanada g‘ayrat-shijoat bag‘ishlaydi, — deydi Mahliyo Hidirova.

Ko‘rik-tanlov tashkilotchilari tomonidan eng yaxshi deb topilgan insho mualliflariga diplom va esdalik sovg’alari topshirildi. Tadbir so‘ngida ishtirokchilar “O‘zbekkino” milliy agentligi tomonidan suratga olingan “Baron” badiiy filmini tomosha qilishdi.