_DSC4109

Bilimdonlar bellashmoqda

Joriy yilning 16-iyun kuni poytaxtimizda Xalq ta’limi vazirligi tomonidan bilimlar bellashuvining respublika bosqichiga start berildi.

O’zbekiston Respublikasi xalq ta’limi vazirining birinchi o’rinbosari B.Doniyorov, Mirzo Ulug’bek nomidagi O’zbekiston Milliy universiteti qoshidagi Matematika instituti direktori Sh.Ayupov, O’zbekiston Qahramoni, matematika va informatika fani o’qituvchisi T.Azlarov va boshqalar Prezidentimiz Islom Karimov tomonidan ishlab chiqilgan Kadrlar tayyorlash milliy dasturi natijasida mamlakatimizda zamonaviy ta’lim tizimiga asos solinib, yangi avlod kadrlarini tarbiyalash uchun mustahkam poydevor yaratilganini ta’kidladi.

Tanlovning yakuniy bosqichida 500 nafar o’quvchi 16 ta fan bo’yicha bellashmoqdalar. Joriy yilning 16-17-iyun kunlari aniq, tabiiy va ijtimoiy fanlar (matematika, fizika, informatika, kimyo, biologiya, geografiya, tarix, huquq, iqtisodiy bilim asoslari fanlari) yo’nalishida 29-30-iyun kunlari filologiya fanlari (ona tili va adabiyot, ingliz, frantsuz, nemis tili, o’zbek tili va rus tili) yo’nalishida o’quvchilar o’z bilimlarini sinovdan o’tkazadi.

Bilimlar bellashuvini o’tkazishdan ko’zlangan asosiy maqsad o’quvchilarning qobiliyat va iqtidorlarini quyi sinflardan boshlab aniqlash, ularni qobilyatlaridan kelib chiqib kasb-hunarga yo’naltirish, maktablarda sog’lom raqobatni tashkil etish orqali o’quvchilarning bilim olishga bo’lgan qiziqishlarini rivojlantirishdan iborat.

Shuningdek, mazkur tanlov hududiy xalq ta’limi boshqaruv idoralari tomonidan davlat ta’lim standartlarida belgilangan talablarning bajarilish holatini tahlil qilish va ular faoliyatiga baho berish imkonini beradi.

Joriy yilgi bilimlar bellashuvining hududiy bosqichlarida 2 mln. nafardan ortiq o’quvchilar ishtirok etishdi.

An’anaga ko’ra joriy yilda ham bellashuvlarda yuqori natija ko’rsatgan 500 nafar o’quvchi Toshkent viloyati Bo’stonliq tumanida joylashgan “Quyoshli” oromgohida hordiq chiqarishadi. Hududlarda esa eng namunali oromgohlarda 100 nafar (jami 1400 nafar) o’quvchi uchun “Intellektual-rivojlantirish oromgohlari” tashkil etiladi.

Bu yilgi “Intellektual-rivojlantirish oromgohi”, “Go’zal va betakrorimsan, muqaddas Vatanim, jonim senga fido, O’zbekistonim!” shiori ostida o’tkaziladi.

Mazkur oromgohlarda o’quvchilar dam olish barobarida, har bir fan bo’yicha mamlakatimizning yetakchi fan arboblari, madaniyat va san’at xodimlarini ishtirokida fan kechalari, mahorat darslari, viktorinalar, turli tanlov va musobaqalar o’tkazilib, o’quvchilarning fan va texnika sohasining yetuk olimlari bilan uchrashuvlari tashkil etiladi.